Huquqiy
Ommaviy oferta
Ishtirok etish shartlari
Bu — asl, majburiy matn
Ommaviy oferta o'zbek tilida e'lon qilingan. Uning 23.7-bandiga muvofiq, til versiyalari o'rtasida nomuvofiqlik yuzaga kelsa, o'zbek tilidagi matn ustuvor hisoblanadi. Quyida keltirilgan matn — aynan o'sha hujjat.
Imzolangan asl nusxani ochish (PDF)- Hujjat holati:
- Rasmiy
- Kuchga kirish sanasi:
- 5-avgust, 2026-yil
- Amal qilish muddati:
- Bekor qilinmaguncha
Tashkilotchi
- Tashkilotchi
- Baxronov Azamat Azizjonovich
- Maqomi
- O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro'yxatdan o'tgan o'zini o'zi band qilgan shaxs
- Elektron pochta
- ucraftuz@gmail.com
- Rasmiy aloqa kanali va veb-sayt
- t.me/ucraftedu, ucraft.uz
- To'lov rekvizitlari
- Ariza to'lovi uchun rekvizitlar Ariza beruvchiga ariza topshirish jarayonida yoki Tashkilotchining rasmiy aloqa kanallari orqali alohida taqdim etiladi.
I BOB
Umumiy qoidalar
1-modda. Umumiy qoidalar
1.1.Mazkur Ommaviy Oferta (keyingi o'rinlarda “Oferta” deb yuritiladi) UCraft Bukhara Camp 2026 (keyingi o'rinlarda “Dastur”) doirasida ariza topshirish, nomzodlarni saralash, moliyalashtirish, ishtirokni tashkil etish hamda Tashkilotchi va Ariza beruvchi o'rtasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
1.2.Mazkur Oferta O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-dekabrdagi 806-son qarori bilan tasdiqlangan “O'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to'g'risidagi Nizom” hamda boshqa amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq e'lon qilinadi.
1.3.Ariza topshirish, ariza to'lovini amalga oshirish yoki Dasturda ishtirok etishga rozilik bildirish Ariza beruvchining ushbu Oferta shartlarini to'liq o'qiganligi, tushunganligi va hech qanday e'tirozsiz qabul qilganligini tasdiqlaydi.
1.4.Ariza topshirish yoki ariza to'lovini amalga oshirish mazkur Ofertaning aksepti hisoblanadi hamda Tashkilotchi va Ariza beruvchi o'rtasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni vujudga keltiradi.
1.5.Ushbu Oferta qoidalari barcha Ariza beruvchilarga nisbatan teng ravishda qo'llaniladi hamda hech kimga asossiz ustunlik yoki cheklov bermaydi.
1.6.Dastur yoshlarning shaxsiy, kasbiy, ijodiy va liderlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ta'limiy tashabbus hisoblanadi.
2-modda. Ofertaning predmeti
2.1.Tashkilotchi Dastur doirasida nomzodlarni saralash, ishtirokchilarni tanlash hamda Dastur faoliyatini tashkil etish majburiyatini oladi.
2.2.Ariza beruvchi mazkur Oferta talablariga rioya qilgan holda Dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirish huquqiga ega.
2.3.Ariza topshirilishi Dasturga qabul qilinganlikni anglatmaydi.
2.4.Ariza to'lovining amalga oshirilishi ham Dasturga qabul qilinish, grant ajratilishi yoki boshqa imtiyozlar berilishini kafolatlamaydi.
2.5.Dasturga faqat Saralash komissiyasi tavsiyasiga asosan Tashkilotchi tomonidan tasdiqlangan nomzodlargina qabul qilinadi.
2.6.Dasturda ishtirok etish huquqi uchinchi shaxslarga o'tkazilishi yoki sotilishi mumkin emas.
II BOB
Atamalar va ta'riflar
Mazkur Ofertada quyidagi atamalar quyidagi ma'nolarda qo'llaniladi:
Tashkilotchi — UCraft Bukhara Camp 2026 dasturini tashkil etuvchi va mazkur Oferta bo’yicha majburiyatlarni bajaruvchi shaxs yoki tashkilot.
Dastur — UCraft Bukhara Camp 2026 nomi ostida o'tkaziladigan ta'lim, seminar, trening va amaliy faoliyatlar majmuasi.
Ariza beruvchi — Dasturda ishtirok etish maqsadida rasmiy ariza topshirgan jismoniy shaxs.
Ishtirokchi — Saralashdan muvaffaqiyatli o'tib, Tashkilotchi tomonidan Dasturga qabul qilingan shaxs.
Saralash komissiyasi — Nomzodlarni mustaqil baholash uchun Tashkilotchi tomonidan shakllantirilgan ekspertlar guruhi.
Ariza to'lovi — Arizalarni qabul qilish, tekshirish, baholash va tanlov jarayonini tashkil etish bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun undiriladigan ma'muriy to'lov.
Moliyalashtirish — Ishtirokchining Dastur xarajatlari homiylar yoki boshqa manbalar hisobidan to'liq yoki qisman qoplanishi.
Rasmiy aloqa kanallari — Tashkilotchining rasmiy veb-sayti, elektron pochta manzili va tasdiqlangan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari.
III BOB
Tashkilotchi
3-modda. Tashkilotchi
3.1.Dastur O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro'yxatdan o'tgan o'zini o'zi band qilgan shaxs Baxronov Azamat Azizjonovich (keyingi o'rinlarda — “Tashkilotchi”) tomonidan tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
3.2.Tashkilotchi — UCraft Bukhara Camp 2026 Dasturini tashkil etuvchi, mazkur Oferta bo'yicha huquq va majburiyatlarni o'z zimmasiga oluvchi, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ro'yxatdan o'tgan o'zini o'zi band qilgan shaxs Baxronov Azamat Azizjonovich.
3.3.Mazkur Oferta Tashkilotchi hamda Ariza beruvchi yoki Ishtirokchi o'rtasidagi yozma fuqarolik-huquqiy bitimning shartlarini belgilaydi.
3.4.Tashkilotchi Dastur doirasida quyidagi vakolatlarga ega:
a)Dastur konsepsiyasini ishlab chiqish;
b)Dastur o’tkaziladigan sana, joy va formatni belgilash;
c)Mentorlar, trenerlar va ekspertlarni jalb qilish;
d)Saralash komissiyasini shakllantirish;
e)Homiylar va hamkorlarni jalb qilish;
f)Dastur davomida tashkiliy qarorlar qabul qilish.
3.5.Tashkilotchi Dastur mazmunini, jadvalini, sessiyalarini, mentorlarini yoki boshqa tashkiliy jihatlarini zarurat tug'ilganda o'zgartirish huquqiga ega.
3.6.Tashkilotchi Dastur sifatini ta'minlash uchun barcha oqilona choralarni ko'radi, biroq har qanday natija, grant, ishga joylashish yoki boshqa shaxsiy muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.
3.7.Tashkilotchi Dasturga oid barcha rasmiy axborotni faqat Rasmiy aloqa kanallari orqali e'lon qiladi.
IV BOB
Ishtirok etish shartlari
4-modda. Umumiy talablar
4.1.Dasturda, agar rasmiy e'londa boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa, 16 yoshdan 28 yoshgacha bo'lgan shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
4.2.Voyaga yetmagan nomzodlar Dasturga faqat ota-onasi yoki qonuniy vakilining yozma roziligi asosida qabul qilinishi mumkin.
4.3.Ariza beruvchi o'zi taqdim etgan barcha ma'lumotlarning to'g'riligi, haqqoniyligi va dolzarbligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
4.4.Soxta, noto'g'ri yoki chalg'ituvchi ma'lumotlar aniqlangan taqdirda, Tashkilotchi Ariza beruvchini istalgan bosqichda tanlovdan chetlashtirish huquqiga ega.
4.5.Tashkilotchi zarurat tug'ilganda qo'shimcha hujjatlar, tavsiyanomalar yoki shaxsni tasdiqlovchi ma'lumotlarni talab qilishi mumkin.
4.6.Ariza beruvchi Dastur davomida mazkur Oferta, ichki tartib-qoidalar hamda Tashkilotchining qonuniy ko'rsatmalariga rioya etishga majburdir.
5-modda. Til talablari
5.1.Dastur mashg'ulotlari asosan ingliz tilida olib borilishi rejalashtirilgan.
5.2.Ingliz tilini bilish ariza topshirish uchun majburiy shart hisoblanmaydi.
5.3.Ingliz tilida erkin muloqot qila olish Saralash komissiyasi tomonidan qo'shimcha ustunlik sifatida baholanishi mumkin.
5.4.Tashkilotchi ayrim sessiyalarni o'zbek yoki boshqa tillarda tashkil etish huquqini saqlab qoladi.
V BOB
Ariza topshirish tartibi
6-modda. Ariza topshirish tartibi
6.1.Arizalar faqat Tashkilotchi tomonidan belgilangan rasmiy platforma orqali qabul qilinadi.
6.2.Ariza beruvchi barcha savollarga to'liq, aniq va haqqoniy javob berishi shart.
6.3.To'liq bo'lmagan yoki noto'g'ri ma'lumotlarni o'z ichiga olgan arizalar ko'rib chiqilmasligi yoki rad etilishi mumkin.
6.4.Ariza topshirilganidan so'ng Tashkilotchi tomonidan qo'shimcha ma'lumot yoki hujjatlar talab qilinishi mumkin.
6.5.Ariza beruvchi ariza yuborilganidan keyin ma'lumotlarida yuz bergan muhim o'zgarishlar haqida Tashkilotchini zudlik bilan xabardor qilishi lozim.
6.6.Ariza topshirilishi Dasturga qabul qilinish yoki moliyalashtirish olish huquqini vujudga keltirmaydi.
6.7.Ariza topshirish orqali Ariza beruvchi ushbu Oferta shartlariga rozilik bildiradi.
VI BOB
Saralash tartibi
7-modda. Saralash tartibi
7.1.Dasturga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi.
7.2.Barcha arizalar Tashkilotchi tomonidan tayinlangan mustaqil Saralash komissiyasi tomonidan baholanadi.
7.3.Saralash quyidagi mezonlar asosida amalga oshirilishi mumkin:
a)motivatsiya;
b)liderlik salohiyati;
c)tashabbuskorlik;
d)jamoada ishlash qobiliyati;
e)ijtimoiy faollik;
f)ingliz tilini bilish darajasi;
g)esse sifati;
h)intervyu natijalari;
i)Dastur maqsadlariga mosligi;
j)ishtirokchilar tarkibidagi hududiy, gender va boshqa muvozanat;
k)mavjud moliyalashtirish imkoniyatlari.
7.4.Yuqoridagi mezonlardan hech biri alohida olingan holda qabul qilinish yoki rad etilishni kafolatlamaydi.
7.5.Saralash komissiyasining ichki muhokamalari, ekspert xulosalari, individual ballari va baholash materiallari maxfiy hisoblanadi.
7.6.Tashkilotchi individual ballar, ekspert fikrlari yoki rad etish sabablarini taqdim etishga majbur emas.
7.7.Saralash komissiyasi tavsiyasi asosida Tashkilotchi tomonidan qabul qilingan qaror yakuniy hisoblanadi va qayta ko'rib chiqilmaydi.
7.8.Tashkilotchi tanlov natijalarini Rasmiy aloqa kanallari orqali e'lon qiladi yoki nomzodlarni individual tartibda xabardor qiladi.
7.9.Tashkilotchi istalgan bosqichda aniqlangan qoidabuzarlik, yolg'on ma'lumot yoki ushbu Oferta shartlari buzilgan taqdirda nomzodni tanlovdan chetlashtirish huquqiga ega.
VII BOB
Ariza to'lovi
8-modda. Ariza to'lovi
8.1.Ariza to'lovi faqat Tashkilotchi tomonidan taqdim etilgan rasmiy to'lov rekvizitlari orqali amalga oshirilishi lozim. Tashkilotchi tomonidan rasman e'lon qilinmagan rekvizitlarga amalga oshirilgan to'lovlar uchun Tashkilotchi javobgar hisoblanmaydi.
8.2.Ariza to'lovlaridan shakllangan mablag'lar Dastur tanlov jarayonini tashkil etish, ma'muriy va operatsion xarajatlarni qoplash, shuningdek Dasturga qabul qilingan Ishtirokchilarni to'liq yoki qisman moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
8.3.Dastur doirasida ajratilishi mumkin bo'lgan to'liq va qisman moliyalashtiriladigan o'rinlarning soni, moliyalashtirish miqdori hamda qoplanadigan xarajatlar kelib tushgan ariza to'lovlarining umumiy miqdori, amalda mavjud homiylik mablag'lari va Dastur xarajatlariga bog'liq ravishda belgilanadi.
8.4.Arizalar soni yoki ariza to'lovlaridan shakllangan mablag'lar kutilganidan kam bo'lgan taqdirda, Tashkilotchi to'liq yoki qisman moliyalashtiriladigan o'rinlar sonini kamaytirish, moliyalashtirish hajmini o'zgartirish yoki ayrim moliyalashtirish toifalarini ajratmaslik huquqiga ega.
8.5.Ariza beruvchi ariza to'lovining boshqa nomzodlar va Ishtirokchilarni moliyalashtirishga yo'naltirilishi mumkinligini, biroq ariza to'lovini amalga oshirgan shaxsning o'zi moliyalashtirish olishini yoki Dasturga qabul qilinishini kafolatlamasligini tushunadi va qabul qiladi.
8.6.Quyidagi holatlar ariza to'lovini qaytarish uchun asos bo'lmaydi:
a)nomzod saralashdan o'tmagan bo'lsa;
b)kutish ro'yxatiga kiritilgan bo'lsa;
c)nomzod arizasini o'zi bekor qilgan bo'lsa;
d)intervyuda ishtirok etmagan bo’lsa;
e)hujjatlarni o'z vaqtida taqdim etmagan bo'lsa;
f)Dasturga qabul qilinib, keyinchalik ishtirok etishdan voz kechgan bo'lsa;
g)moliyalashtirish olmagan bo'lsa.
8.7.Tashkilotchi texnik yoki bank tizimidagi xatolik tufayli ortiqcha to'langan mablag'ni tegishli tekshiruvdan so'ng qaytarish huquqiga ega.
VIII BOB
Moliyalashtirish
9-modda. Moliyalashtirish tartibi
9.1.Dastur doirasida quyidagi ishtirok shakllari mavjud bo'lishi mumkin:
a)to'liq moliyalashtirilgan;
b)qisman moliyalashtirilgan;
c)o'z mablag'i hisobidan.
9.2.Har bir moliyalashtirish toifasidagi o'rinlar soni kelib tushgan ariza to'lovlarining umumiy miqdori, mavjud homiylik va grant mablag'lari, hamkorlar ko'magi hamda Dastur xarajatlari asosida Tashkilotchi tomonidan belgilanadi.
9.3.Tashkilotchi moliyalashtirish miqdorini o'zgartirish, qo'shimcha grant ajratish yoki ayrim moliyalashtirish toifalarini bekor qilish huquqini saqlab qoladi.
9.4.Moliyalashtirish faqat Dastur tomonidan rasmiy ravishda tasdiqlangan xarajatlarga tatbiq etiladi.
9.5.Moliyalashtirish shaxsiy xarajatlar, qo'shimcha sayohatlar yoki Dastur doirasiga kirmaydigan xizmatlarni qoplamasligi mumkin.
9.6.Ishtirokchi moliyalashtirish shartlarini buzgan yoki noto'g'ri ma'lumot bergan taqdirda, Tashkilotchi moliyalashtirishni bekor qilish huquqiga ega.
9.7.Moliyalashtirish ajratilishi Tashkilotchining mutlaq majburiyati hisoblanmaydi. Ariza to'lovlaridan va boshqa manbalardan shakllangan mablag'lar yetarli bo'lmagan taqdirda, Tashkilotchi avval e'lon qilingan taxminiy moliyalashtirish hajmini yoki o'rinlar sonini o'zgartirishi mumkin.
IX BOB
Ishtirokchining huquqlari
10-modda. Ishtirokchining huquqlari
10.1.Ishtirokchi Dastur davomida e'lon qilingan ta'lim, seminar va amaliy mashg'ulotlarda ishtirok etish huquqiga ega.
10.2.Ishtirokchi Dasturga oid zarur ma'lumotlarni o'z vaqtida olish huquqiga ega.
10.3.Ishtirokchi Tashkilotchiga murojaat qilish, savollar berish hamda asoslantirilgan taklif va fikr-mulohazalar bildirish huquqiga ega.
10.4.Ishtirokchi shaxsiy ma'lumotlarining qonunchilikka muvofiq himoya qilinishini talab qilish huquqiga ega.
10.5.Ishtirokchi boshqa ishtirokchilar, mentorlar va Tashkilotchi tomonidan hurmat bilan munosabatda bo'lishini kutishga haqli.
10.6.Ishtirokchi Dastur yakunlangandan so'ng, belgilangan talablarga rioya qilgan taqdirda, sertifikat yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatni olish huquqiga ega bo'lishi mumkin.
X BOB
Ishtirokchining majburiyatlari
11-modda. Ishtirokchining majburiyatlari
11.1.Ishtirokchi mazkur Oferta va Dastur ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi shart.
11.2.Ishtirokchi boshqa ishtirokchilar, mentorlar, volontyorlar va Tashkilotchi vakillariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo'lishi shart.
11.3.Ishtirokchi Dastur davomida noqonuniy harakatlar, zo'ravonlik, tahdid, kamsitish, haqorat, bezorilik yoki boshqa nomaqbul xatti-harakatlarni sodir etmasligi lozim.
11.4.Ishtirokchi Dastur mulkiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishi va o'zi yetkazgan zararni amaldagi qonunchilikka muvofiq qoplashi shart.
11.5.Ishtirokchi Dastur davomida spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar yoki boshqa taqiqlangan vositalardan foydalanmasligi shart.
11.6.Ishtirokchi xavfsizlik qoidalariga va Tashkilotchining qonuniy ko'rsatmalariga rioya qilishi majburiy.
11.7.Ushbu majburiyatlarning jiddiy buzilishi Ishtirokchini Dasturdan ogohlantirishsiz chetlashtirish uchun asos bo'lishi mumkin.
XI BOB
Tashkilotchining huquqlari
12-modda. Tashkilotchining huquqlari
12.1.Tashkilotchi Dastur mazmunini, jadvalini, joyini, davomiyligini, mentorlarini, trenerlarini va boshqa tashkiliy jihatlarini zarurat tug'ilganda o'zgartirish huquqiga ega.
12.2.Tashkilotchi Ariza beruvchi yoki Ishtirokchi tomonidan mazkur Oferta shartlari buzilgan taqdirda uni tanlovdan chetlashtirish yoki Dasturdan chiqarish huquqiga ega.
12.3.Tashkilotchi Dastur xavfsizligi, sifati yoki obro'sini ta'minlash maqsadida zarur deb hisoblagan boshqa oqilona choralarni ko'rish huquqiga ega.
12.4.Tashkilotchi Dastur doirasida qo'shimcha ichki qoidalar, yo'riqnomalar yoki xavfsizlik talablarini joriy etishi mumkin. Mazkur hujjatlar ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.
12.5.Tashkilotchi Dastur davomida yuzaga kelgan favqulodda holatlarda Ishtirokchilarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida majburiy qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
12.6.Tashkilotchi Dastur manfaatlariga zid bo'lgan, boshqa Ishtirokchilarga xavf tug'diradigan yoki Dastur obro'siga putur yetkazadigan har qanday xatti-harakatni to'xtatish hamda tegishli choralarni ko'rish huquqiga ega.
XII BOB
Tashkilotchining majburiyatlari
13-modda. Tashkilotchining majburiyatlari
13.1.Tashkilotchi Dasturni halollik, xolislik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etishga majbur.
13.2.Tashkilotchi Saralash jarayonining adolatli va shaffof tamoyillar asosida o'tkazilishini ta'minlaydi.
13.3.Tashkilotchi Ariza beruvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq himoya qiladi.
13.4.Tashkilotchi Ishtirokchilarni Dastur jadvali, muhim o'zgarishlar va tashkiliy masalalar haqida o'z vaqtida xabardor qiladi.
13.5.Tashkilotchi Dastur davomida oqilona darajada xavfsiz va qulay ta'lim muhitini yaratishga intiladi.
13.6.Tashkilotchi Dastur yakunlangach, belgilangan talablarni bajargan Ishtirokchilarga sertifikat yoki boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi mumkin.
13.7.Tashkilotchi Dastur doirasida Ishtirokchilarga nisbatan kamsitish, noqonuniy cheklov yoki adolatsiz munosabatga yo'l qo'ymaslikka intiladi.
XIII BOB
Shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlash
14-modda. Shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish
14.1.Ariza topshirish orqali Ariza beruvchi o'zi taqdim etgan shaxsiy ma'lumotlar mazkur Dastur doirasida qayta ishlanishiga rozilik bildiradi.
14.2.Shaxsiy ma'lumotlar quyidagi maqsadlarda qayta ishlanishi mumkin:
a)arizalarni qabul qilish va ko'rib chiqish;
b)Saralash jarayonini tashkil etish;
c)Ishtirokchilar bilan aloqa qilish;
d)Dastur faoliyatini tashkil etish;
e)qonunchilik talablarini bajarish.
14.3.Tashkilotchi Ariza beruvchining shaxsiy ma'lumotlarini uchinchi shaxslarga faqat quyidagi hollarda taqdim etishi mumkin:
a)Ariza beruvchining yozma roziligi mavjud bo'lsa;
b)qonunchilikda bunday majburiyat belgilangan bo'lsa;
c)Dastur doirasida zarur xizmatlarni ko'rsatuvchi hamkor tashkilotlarga, faqat zarur hajmda.
14.4.Tashkilotchi shaxsiy ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlash uchun oqilona texnik va tashkiliy choralarni ko'radi.
14.5.Ariza beruvchi o'z shaxsiy ma'lumotlarini yangilash, tuzatish yoki amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda o'chirishni so'rash huquqiga ega.
XIV BOB
Foto va video materiallardan foydalanish
15-modda. Media materiallar
15.1.Dastur davomida foto, video va audio materiallar yaratilishi mumkin.
15.2.Ariza topshirish orqali Ishtirokchi Dastur davomida olingan foto, video va audio materiallardan Tashkilotchi tomonidan bepul foydalanilishiga rozilik bildiradi.
15.3.Mazkur materiallardan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
a)Dastur faoliyatini yoritish;
b)rasmiy hisobotlar;
c)homiylar va hamkorlarga axborot taqdim etish;
d)reklama va marketing;
e)ijtimoiy tarmoqlar;
f)rasmiy veb-sayt;
g)ommaviy axborot vositalari.
15.4.Tashkilotchi media materiallardan foydalanishda Ishtirokchilarning sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro'siga putur yetkazuvchi harakatlarga yo'l qo'ymaydi.
XV BOB
Xulq-atvor qoidalari
16-modda. Ishtirokchilarning odob-axloq qoidalari
16.1.Har bir Ishtirokchi boshqa Ishtirokchilar, mentorlar, volontyorlar va Tashkilotchi vakillariga hurmat bilan munosabatda bo'lishi shart.
16.2.Quyidagi harakatlar qat'iyan taqiqlanadi:
a)zo'ravonlik;
b)jismoniy yoki ruhiy tazyiq;
c)haqorat qilish;
d)diskriminatsiya;
e)jinsiy zo'ravonlik yoki ta'qib;
f)bezorilik (bullying);
g)noqonuniy faoliyat;
h)spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalarni iste'mol qilish;
i)qurol yoki taqiqlangan buyumlarni olib kirish.
16.3.Mazkur qoidalarning buzilishi ogohlantirishsiz Dasturdan chetlashtirish uchun asos bo'lishi mumkin.
16.4.Dasturdan chetlashtirilgan Ishtirokchi tomonidan amalga oshirilgan to'lovlar, qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan bo'lsa, qaytarilmaydi.
16.5.Zarurat tug'ilganda Tashkilotchi tegishli davlat organlariga murojaat qilish huquqini o'zida saqlab qoladi.
XVI BOB
Sog'liq va xavfsizlik
17-modda. Sog'liq va xavfsizlik
17.1.Ishtirokchi Dasturda ishtirok etishiga to'sqinlik qilishi mumkin bo'lgan surunkali kasalliklar, allergiyalar yoki boshqa muhim tibbiy holatlar haqida Tashkilotchini oldindan xabardor qilishi shart.
17.2.Ishtirokchi o'z sog'lig'i to'g'risida qasddan noto'g'ri yoki to'liq bo'lmagan ma'lumot taqdim etgan taqdirda, buning oqibatlari uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
17.3.Favqulodda holatlarda Tashkilotchi Ishtirokchiga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish yoki uni tegishli tibbiyot muassasasiga yuborish uchun zarur choralarni ko'rishi mumkin.
17.4.Zarurat tug'ilganda Tashkilotchi Ishtirokchining ota-onasi, qonuniy vakili yoki yaqin qarindoshlarini xabardor qilish huquqiga ega.
17.5.Tashkilotchi professional tibbiy xizmat ko'rsatuvchi tashkilot hisoblanmaydi va Ishtirokchining sog'lig'i bilan bog'liq barcha xavflarni to'liq bartaraf etishni kafolatlamaydi.
17.6.Ishtirokchi Dastur davomida belgilangan xavfsizlik qoidalariga, yong'in xavfsizligi talablariga va Tashkilotchi tomonidan berilgan ko'rsatmalarga rioya qilishi shart.
XVII BOB
Dasturda ishtirokni bekor qilish
18-modda. Ishtirokni bekor qilish
18.1.Ariza beruvchi istalgan vaqtda arizasini yozma ravishda bekor qilish huquqiga ega.
18.2.Ariza bekor qilingan taqdirda ariza to'lovini qaytarish yoki qaytarmaslik masalasi mazkur Ofertaning 8-moddasi hamda amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq hal etiladi.
18.3.Dasturga qabul qilingan Ishtirokchi ishtirok etishdan voz kechgan taqdirda, uning o'rni kutish ro'yxatidagi boshqa nomzodga berilishi mumkin.
18.4.Tashkilotchi quyidagi hollarda Ishtirokchini Dasturdan chetlashtirish huquqiga ega:
a)mazkur Oferta shartlari buzilganda;
b)yolg'on yoki soxta ma'lumotlar aniqlanganda;
c)Dastur xavfsizligiga tahdid tug'dirilganda;
d)Ishtirokchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzganida;
e)O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid harakatlar sodir etilganda.
18.5.Dasturdan chetlashtirilgan Ishtirokchi tomonidan amalga oshirilgan to'lovlar, qonunchilikda boshqacha nazarda tutilmagan bo'lsa, qaytarilmaydi.
XVIII BOB
Fors-major
19-modda. Fors-major holatlari
19.1.Fors-major — Tomonlarning nazoratidan tashqarida bo'lgan, oldindan ko'rish yoki oldini olish mumkin bo'lmagan favqulodda holatlardir.
19.2.Quyidagilar fors-major holatlari sifatida e'tirof etilishi mumkin:
a)tabiiy ofatlar;
b)zilzila, suv toshqini, yong'in;
c)epidemiya yoki pandemiya;
d)urush, terrorchilik harakatlari yoki ommaviy tartibsizliklar;
e)davlat organlari tomonidan joriy etilgan cheklovlar;
f)transport tizimidagi jiddiy uzilishlar;
g)elektr energiyasi, internet yoki aloqa tizimlarining uzoq muddatli ishlamasligi;
h)Tomonlarning nazoratidan tashqaridagi boshqa favqulodda holatlar.
19.3.Fors-major yuzaga kelgan taqdirda Tashkilotchi:
a)Dastur sanasini o'zgartirishi;
b)Dastur formatini o'zgartirishi;
c)Dastur o'tkaziladigan joyni almashtirishi;
d)Dastur muddatini uzaytirishi;
e)zarurat tug'ilganda Dastur bekor qilinganligini e'lon qilishi mumkin.
19.4.Fors-major holatlarida Tashkilotchi mazkur holatlar oqibatida yuzaga kelgan zararlar uchun javobgar hisoblanmaydi.
XIX BOB
Javobgarlik
20-modda. Tomonlarning javobgarligi
20.1.Tomonlar mazkur Oferta bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo'ladilar.
20.2.Tashkilotchi Ishtirokchining shaxsiy buyumlari yo'qolishi, o'g'irlanishi yoki shikastlanishi uchun, bunday zarar Tashkilotchining qasddan yoki qo'pol ehtiyotsizligi natijasida yuzaga kelmagan bo'lsa, javobgar bo'lmaydi.
20.3.Ishtirokchi o’zi yetkazgan moddiy zarar uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar hisoblanadi.
20.4.Tashkilotchi Ishtirokchining Dasturdan olgan tajribasi asosida kelgusidagi ta'lim, ishga joylashish yoki boshqa natijalarni kafolatlamaydi.
20.5.Tashkilotchining mazkur Oferta bo'yicha javobgarligi amaldagi qonunchilikda belgilangan hollardan tashqari keng talqin qilinmaydi.
XX BOB
Intellektual mulk
21-modda. Intellektual mulk huquqlari
21.1.Dastur doirasida yaratilgan yoki foydalaniladigan barcha o'quv materiallari, taqdimotlar, logotiplar, grafik materiallar, metodik qo'llanmalar, videolar, fotosuratlar va boshqa intellektual faoliyat natijalari Tashkilotchining yoki ularning qonuniy egalarining intellektual mulki hisoblanadi.
21.2.Ishtirokchi mazkur materiallardan faqat shaxsiy va notijorat maqsadlarda foydalanishi mumkin.
21.3.Tashkilotchining oldindan yozma roziligisiz mazkur materiallarni nusxalash, tarqatish, sotish, ommaga e'lon qilish yoki tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.
21.4.Ishtirokchi Dastur davomida yaratgan mualliflik ishlari unga tegishli bo'lib qoladi, biroq Ishtirokchi Tashkilotchiga ularni Dastur faoliyatini yoritish va hisobot tayyorlash maqsadida bepul, nomutlaq foydalanish huquqini beradi.
21.5.Intellektual mulk huquqlarining buzilishi amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo'lishi mumkin.
XXI BOB
Nizolarni hal etish
22-modda. Nizolarni ko'rib chiqish tartibi
22.1.Mazkur Oferta yuzasidan yuzaga keladigan barcha kelishmovchiliklar va nizolar, avvalo, Tomonlar o'rtasida muzokaralar va o'zaro kelishuv yo'li bilan hal etilishi lozim.
22.2.Nizo yuzaga kelgan taqdirda manfaatdor Tomon boshqa Tomonga yozma murojaat yuborishga haqli. Murojaatda nizo mazmuni, asoslari va talablar aniq ko'rsatilishi kerak.
22.3.Yozma murojaat olingan kundan boshlab 15 (o'n besh) ish kuni ichida ko'rib chiqiladi hamda murojaat yuborgan Tomonga yozma yoki elektron shaklda javob beriladi.
22.4.Muzokaralar orqali hal etilmagan nizolar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vakolatli sudlarda ko'rib chiqiladi.
22.5.Nizoni ko'rib chiqish jarayonida mazkur Ofertaning qolgan qoidalari o'z kuchini saqlab qoladi.
22.6.Tomonlar nizolarni hal etishda halollik, o'zaro hurmat va oqilona hamkorlik tamoyillariga amal qilishga intiladilar.
XXII BOB
Yakuniy qoidalar
23-modda. Yakuniy qoidalar
23.1.Mazkur Oferta O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi hamda boshqa amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan.
23.2.Tashkilotchi mazkur Ofertaga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish huquqiga ega.
23.3.Ofertaga kiritilgan muhim o'zgartirishlar Tashkilotchining Rasmiy aloqa kanallari orqali e'lon qilinadi va e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
23.4.Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, Ofertaga kiritilgan o'zgartirishlar ular kuchga kirguniga qadar yuborilgan arizalarga nisbatan orqaga qaytish kuchiga ega emas.
23.5.Agar mazkur Ofertaning biror qoidasi haqiqiy emas yoki ijro etib bo’lmaydigan deb topilsa, bu qolgan qoidalarning amal qilishiga ta’sir qilmaydi.
23.6.Tashkilotchi Dastur sanasi, davomiyligi, joylashuvi, formati, mentorlari, sessiyalari yoki boshqa tashkiliy masalalarni zarurat tug'ilganda o'zgartirish huquqiga ega.
23.7.Mazkur Oferta o'zbek va ingliz tillarida e'lon qilingan taqdirda, matnlar o'rtasida tafovut yuzaga kelsa, o'zbek tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
23.8.Ariza topshirish yoki ariza to'lovini amalga oshirish orqali Ariza beruvchi mazkur Ofertaning barcha shartlarini to'liq qabul qilgan hisoblanadi.
23.9.Mazkur Oferta bekor qilinmaguncha yoki yangi tahriri e'lon qilinmaguncha amal qiladi.
23.10.Tashkilotchi mazkur Dastur doirasidagi faoliyatini O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida amalga oshiradi.
23.11.Tomonlar mazkur Oferta shartlarini erkin xohish-irodalari asosida qabul qilganliklarini, uning mazmuni bilan to'liq tanishganliklarini hamda barcha shartlarini tushunganliklarini tasdiqlaydilar.
23.12.Mazkur Ofertadagi boblar, moddalar va sarlavhalar faqat qulaylik maqsadida kiritilgan bo'lib, ular mazkur Ofertaning mazmuni yoki talqiniga ta'sir qilmaydi.
23.13.Tomonlar elektron pochta, rasmiy veb-sayt hamda Tashkilotchining rasmiy aloqa kanallari orqali yuborilgan xabarlarni rasmiy bildirishnoma sifatida tan oladilar.
Tasdiqlash
Mazkur Ommaviy Oferta UCraft Bukhara Camp 2026 Dasturida ishtirok etishning rasmiy shartlarini belgilaydi hamda Tashkilotchi tomonidan tasdiqlangan va e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Ofertaning aksepti Ariza beruvchi tomonidan ariza topshirish yoki ariza to'lovini amalga oshirish orqali amalga oshiriladi.
Kuchga kirish sanasi: 5-avgust 2026-yil.
Ariza anketalarida ko'rsatilgan qo'shimcha shartlar
Yuqoridagi Oferta qoidalarni belgilaydi, ammo aniq summalarni ko'rsatmaydi. Quyidagi raqamlar va toifa qoidalari ariza anketalarining o'zida keltirilgan bo'lib, har bir ariza beruvchi ularni arizani yuborish paytida tasdiqlaydi.
Ishtirok talablari
Ariza beruvchilar 15 yoshdan 25 yoshgacha bo'lishi va O'zbekistonda istiqomat qilishi kerak. Lagerning ish tili — ingliz tili; ariza berish uchun ingliz tilini bilish shart emas, ammo bu afzallik sifatida qaraladi.
Qabul kafolatlanmaydi
Ariza yuborilishi UCraft Bukhara Camp 2026 doirasida suhbat, qabul, moliyaviy yordam yoki ishtirokni kafolatlamaydi.
Ariza yig'imi
To'liq moliyalashtirilgan va qisman moliyalashtirilgan toifalar uchun ariza yig'imi 70 000 so'mni tashkil etadi. U faqat arizalarni qabul qilish va ko'rib chiqish uchun undiriladi hamda umumiy qoida sifatida qaytarilmaydi — qonun hujjatlarida talab qilingan yoki Tashkilotchi tomonidan alohida hal qilingan hollar bundan mustasno. O'z hisobidan toifasi uchun alohida ariza yig'imi belgilangan — u quyida keltirilgan. Ariza yig'im Tashkilotchi tomonidan qabul qilinib, tasdiqlanmaguncha ko'rib chiqilmaydi.
Ariza yig'imi (o'z hisobidan)
O'z hisobidan toifasi uchun ariza yig'imi 130 AQSh dollarini yoki amaldagi kurs bo'yicha uning so'mdagi ekvivalentini tashkil etadi. U ariza yuborilishidan oldin to'lanadi va to'lov tasdig'i yuklanishi shart. U qaytarilmaydi hamda suhbat, qabul yoki ishtirokni kafolatlamaydi.
Tanlov
Arizalar mustaqil Tanlov qo'mitasi tomonidan har tomonlama ko'rib chiqiladi. Uning qarorlari lagerga qabul jarayoni doirasida yakuniy hisoblanadi, alohida baholash hisobotlari, ballar yoki ko'rib chiquvchilarning izohlari taqdim etilmasligi mumkin. To'liq moliyalashtirilgan, qisman moliyalashtirilgan va o'z hisobidan o'rinlar soni mavjud moliyaviy mablag' va tashkiliy imkoniyatlarga bog'liq.
Yo'l xarajatlari
To'liq moliyalashtirilgan ishtirokchilar uchun ikki tomonlama yo'l xarajatlari qoplanadi. Qisman moliyalashtirilgan va o'z hisobidan toifalaridagi ishtirokchilar Buxoroga borish va qaytish yo'lini o'zlari tashkil qiladi va o'zlari qoplaydi.
Ishtirokchi hissasi (qisman moliyalashtirilgan)
Taklif etiladigan moliyaviy yordam darajasi, agar u bo'lsa, mavjud mablag' va tashkiliy imkoniyatlarga bog'liq. Tanlangan ishtirokchilardan operatsion yoki kutilmagan xarajatlar uchun oqilona ishtirokchi hissasini qo'shish so'ralishi mumkin. Bunday hissa haqida ishtirok tasdiqlanishidan oldin ma'lum qilinadi. Ariza berish paytida kafolatlangan yoki belgilangan hissa miqdori mavjud emas.
Ma'lumotlarning to'g'riligi
Yolg'on yoki chalg'ituvchi ma'lumot berish arizaning rad etilishiga yoki keyinchalik aniqlangan taqdirda qabul taklifining bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.